Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialini ochish toʻgʻrisida (251-son)
01.10.1991
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yuqori malakali tibbiyot xodimlari tayyorlash tizimini takomillashtirish va Orol boʻyi aholisining salomatligini muhofaza qilishni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
1991-yil 1-oktabrdan boshlab Nukus shahrida belgilangan tartibda Nukus davlat dorilfununining tibbiyot fakulteti negizida Toshkent pediatriya tibbiyot institutining “Pediatriya” ixtisosligi boʻyicha filialini ochsin;
Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus shahridagi filialini zarur pedagogik kadrlar bilan taʼminlasin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Nukus davlat dorilfununi tibbiyot fakultetining binolari va inshootlarini, shtat jadvali boʻyicha professor-oʻqituvchilar tarkibi va xizmat qiluvchi xodimlar soni bilan birga, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining filialini joylashtirish uchun balansdan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi balansiga oʻtkazsin.
Normal oʻquv jarayonini tashkil etish uchun filialga klinik kafedralarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi davolash muassasalarida joylashtirishga ruxsat berilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining reja va budjet koʻrsatkichlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi tegishli oʻzgartishlarni kiritsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 1-oktabr,
251-son
