Oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarini, hunar texnika bilim yurtlarini, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini va sogʻliqni saqlash obyektlarini Oʻzbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga oʻtkazish haqida (318-son)
30.12.1991
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan, ittifoq tasarrufida boʻlgan oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va sogʻliqni saqlash obyektlari ular boʻysunib kelgan ittifoq vazirliklari va idoralari tugatilganligi hamda ularning normal ishlashini taʼminlash zarurati munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ilgari ittifoq vazirliklari va idoralari tasarrufida boʻlgan oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va sogʻliqni saqlash obyektlari ilovaga* muvofiq respublika vazirliklari va idoralari tasarrufiga oʻtkazilsin.
* Ilova berilmaydi.
Qabul qilish-topshirish belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻtkazilayotgan oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va sogʻliqni saqlash obyektlariga mablagʻ ajratish tartibini belgilasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi zimmasiga respublika vazirliklari va idoralari tasarrufiga oʻtkazilgan oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlariga oʻquv-metodik rahbarlik qilish vazifasi yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidenti Sh. MIRSAIDOV
Toshkent sh.,
1991-yil 30-dekabr,
318-son
