3-modda. Asosiy tushunchalar
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida (O‘RQ-42-son) · Sana: 20.07.2006 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asar nusxasi — asarning har qanday moddiy shaklda tayyorlangan koʻchirmasi;
asarni omma oldida namoyish etish — asarning asl nusxasi yoki nusxasini bevosita yoxud plyonka, diapozitiv, televizion kadr yordamida yoki biron-bir boshqa texnika vositalari orqali ekranda koʻrsatish, shuningdek audiovizual asarning ayrim kadrlarini ularning ketma-ketligiga rioya etmasdan omma uchun ochiq joyda yoki ayni bir oila aʼzolari boʻlmagan shaxslarning keng doirasi hozir boʻlgan joyda koʻrsatish;
asarni oshkor qilish — muallifning roziligi bilan amalga oshirilgan, asarni chop etish, omma oldida namoyish etish, omma oldida ijro etish, efirga uzatish yoki boshqacha usulda yuborish yoʻli bilan ilk bor asardan barchaning voqif boʻlishi uchun imkon beradigan harakat;
audiovizual asar — bir-biri bilan bogʻlangan (ovoz joʻrligida yoki ovoz joʻrligisiz) tasvirlarning yozib olingan turkumidan iborat boʻlgan, tegishli texnika vositalari yordamida koʻrib va eshitib (ovoz joʻrligida boʻlganida) idrok etish uchun moʻljallangan asar, shu jumladan dastlabki yoki keyingi qayd etish usulidan qatʼi nazar kinematografiya asarlari va kinematografiyanikiga oʻxshash vositalar bilan ifodalangan barcha asarlar (tele- va videofilmlar, diafilmlar, slaydfilmlar hamda boshqa asarlar);
audiovizual asarni tayyorlovchi — shunday asarni tayyorlash tashabbusi va masʼuliyatini oʻz zimmasiga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
barchaning eʼtiboriga yetkazish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini simlar yoki simsiz aloqa vositalari orqali telekommunikatsiya tizimlaridan foydalanuvchilar oʻz tanloviga koʻra istalgan joyda va istalgan vaqtda ulardan foydalana olishi mumkin boʻlgan tarzda barchaning eʼtibori uchun yuborish;
barchaning eʼtibori uchun yuborish — asarlarni yoki turdosh huquqlar obyektlarini efirga uzatish, kabel orqali yuborish, shuningdek ularni yuborish joyida vakillari boʻlmagan omma eshitib va (yoki) koʻrib idrok etishi uchun, shu tarzda eshitish yoki koʻrish mumkin boʻlgan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektlari amalda idrok etilishi-etilmasligidan qatʼi nazar, har qanday boshqacha usullarda yetkazish (nusxalarni tarqatish bundan mustasno);
yozuv — ovozlar va (yoki) tasvirlarni qayta-qayta idrok etish, takrorlash yoki yuborish imkonini beradigan biron-bir moddiy shaklda texnika vositalari yordamida qayd etish;
