“Sogʻlom avlod uchun” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida (873-XII-son)
07.05.1993
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi va ikkinchi darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni taʼsis etilsin.
2. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin.
3. Birinchi va ikkinchi darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordenining tasviri tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
873-XII-son
Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-may Qonuni bilan tasdiqlangan
“Sogʻlom avlod uchun” ordeni toʻgʻrisida
Nizom
1. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishdagi, sogʻlom avlodni kamol toptirish uchun eng yaxshi moddiy sharoit va axloqiy muhitni taʼminlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadilar.
“Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan kishilar ham mukofotlanishlari mumkin.
2. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni ikki darajadan iborat boʻladi:
I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni;
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni.
I darajali orden yuqori darajali hisoblanadi. Mukofotlash, qoida tariqasida, quyidagi tartibda: avval II darajali, oradan kamida uch yil oʻtganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.
3. I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan kishilar onalik va bolalikni muhofaza qilishda, inson ekologiyasini yaxshilashda, jismonan va axloqan sogʻlom avlodni, vatanparvarlik hamda oʻz Vatani - mustaqil Oʻzbekistonga har tomonlama sodiqlik va undan faxrlanish oliy tuygʻularini tarbiyalashda, onalik va bolalikni taʼminlash uchun munosib moddiy va maʼnaviy zamin yaratishda Oʻzbekiston davlati va xalqi oldidagi juda katta xizmatlari uchun mukofotlanadilar.
II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan sogʻlom avlodlarni kamol toptirish ishiga katta hissa qoʻshgan, onalik va bolalik toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik qiluvchi kishilar, nogironligi boʻlgan bolalarning va yetim bolalarning vasiylari, bolalar va onalikka nisbatan muntazam oliy xayr-ehson koʻrsatuvchi jamoat tashkilotlari, xoʻjalik tuzilmalarining vakillari mukofotlanadilar.
4. I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar
5. II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar.
II darajali yoki II va I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.
6. I va II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida vazirliklar va idoralar, fan va madaniyat muassasalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Kengashi hamda viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni chiqadi.
7. “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan boshqa davlatlarning fuqarolari ham mukofotlanishlari mumkin.
8. I va II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni koʻkrakning chap tomonida taqiladi.
9. Har bir mukofotlangan kishiga tegishli darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordenini topshirish bilan bir vaqtda mukofotlanganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar beriladi.
10. “Sogʻlom avlod uchun” ordenining darajalaridan qatʼi nazar bu orden bilan takroran mukofotlanilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-may Qonuni bilan tasdiqlangan
Birinchi va ikkinchi darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordenining
Tasviri
1. I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni oltin suvi yugurtirilgan metalldan tayyorlanib, 34 mm. diametrdagi toʻgʻri doira shakliga ega. Ordenning oʻng qismida quyoshning iliq nurlari aksida ona va bolaning qavariqli tasviri tushirilgan. Ordenning orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasi gerbining qavariqli tasviri va doira boʻylab “SOFLOM AVLOD UCHUN” soʻzlari yozilgan. Doiraning yuqori qismida 12 ta yulduz tasvirlangan. Orden orqa tomonining chetlari boʻrtma hoshiyalangan.
Orden ilmoq va halqa yordamida yonlari kumush suvi yugurtirilgan dasta bilan biriktiriladi. Dastaning ichki qismi yashil rangli tovlanadigan lenta bilan oʻralgan. Lentaning oʻrtasida oltinrang oʻrik daraxtining gullab turgan shoxi oʻyib ishlangan.
2. II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni kumush suv yugurtirilgan metalldan tayyorlanadi. Orden ilmoq va halqa yordamida yonlari oʻyma oltinrang dasta bilan biriktiriladi. Dastaning ichki qismi kumush rangli tovlanadigan lenta bilan oʻralgan. Lentaning oʻrtasida kumushrang oʻrik daraxtining gullab turgan shoxi oʻyib ishlangan.
