Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini olib kirish va olib chiqishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (86-son)
25.02.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini olib kirish va olib chiqishga doir operatsiyalar oʻtkazilishini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2004-yil 1-martdan boshlab jismoniy shaxslar — rezidentlar va norezidentlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi — soʻmni Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish va respublikadan tashqariga olib chiqishga Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmaydigan summada ruxsat beriladi.
Naqd milliy valyutani yuqorida koʻrsatilgan summadan ortiqcha olib chiqishga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi bilan yoʻl qoʻyiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi yuridik shaxslar — rezidentlar va norezidentlar tomonidan olib kirilishi va olib chiqilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan tartib oʻrnatilsin, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasi boʻlgan taqdirda vakolatli banklar bundan mustasno.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va vakolatli banklar tomonidan olib kirilishi va olib chiqilishida bojxona toʻlovlari undirilmaydi, bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat bojxona qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining naqd milliy valyutasini olib kirish va olib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 25-fevral,
86-son
