Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori) (83-son)
12.05.2006
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxsga berishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 7-martdagi 38-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini xarid qilish — sotish, almashtirish va hadya etish bitimlarini rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisida” 1991-yil 16-sentabrdagi 233-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1991-y., 9-son, 30-modda) 1 va 4-bandlari;
Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish, ulardan foydalanish va ularni boshqa shaxslarga berishni tartibga solish toʻgʻrisida” 2001-yil 28-avgustdagi 354-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 8-son, 51-modda) 1 va 2-bandlari;
Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishni tartibga solish toʻgʻrisida” 2003-yil 13-yanvardagi 12-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 1-son, 4-modda) 1 va 2-bandlari, shuningdek ushbu qarorga ilova 1-bandining “b” kichik bandi, 3-bandining “b” kichik bandi va 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-may,
83-son
Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 12-maydagi 83-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 11-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalari 4-bandining “sh” kichik bandidan keyingi izoh quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Izoh: Notarial idoralarning binolaridan tashqari qilingan notarial ishlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi (ozodlikdan mahrum qilish va hibsda saqlash joylaridagi shaxslarning ishonchnomalarini notarial tasdiqlash bundan mustasno), shuningdek ana shu ishlarni bajarish uchun joylarga borish bilan bogʻliq qilingan xarajatlar ham toʻlanadi”.
