109-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi · Sana: 30.04.2023 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti:
1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi;
2) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi;
3) muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlaydi;
4) oʻz huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarining rahbarlarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;
7) vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzadi hamda tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;
8) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi;
10) qoʻmitalar, agentliklar va boshqa respublika davlat organlari rahbarlarini qonunchilikka muvofiq lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorini, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati maʼqullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan maslahatlashuvlardan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini lavozimga tayinlaydi va uni lavozimidan ozod etadi;
