277-modda. Bayonnoma mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi · Sana: 22.01.2018 · Amalda
Sud majlisi bayonnomasida ish muhokamasining yoki alohida protsessual harakatlarni amalga oshirishning barcha muhim jihatlari aks ettirilishi kerak. Sud majlisi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
1) sud majlisi boʻlib oʻtgan yil, oy, kun va joy;
2) sud majlisi boshlangan va tamomlangan vaqt;
3) ishni koʻrayotgan sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, hamda sud majlisining kotibi;
4) ishning nomi va raqami;
5) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning va odil sudlovga koʻmaklashayotgan shaxslarning kelgan-kelmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
6) sudning taraflar va protsessning boshqa ishtirokchilariga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntirganligi;
7) ushbu moddaning 5-bandida koʻrsatilgan shaxslarga sud chaqiruv qogʻozlari va boshqa xabarnomalar topshirilganligi toʻgʻrisidagi hamda ular sud majlisiga kelmaganligining sabablari haqidagi maʼlumotlar;
8) raislik qiluvchining barcha farmoyishlari va sudning alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqmasdan chiqargan ajrimlari;
9) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari;
10) sudga taqdim etilgan barcha ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, ekspertlarning yozma xulosalari, mutaxassislarning maslahatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
11) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlari, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertlarning oʻz xulosalarini ogʻzaki tushuntirishlari, mutaxassislarning tushuntirishlari, ashyoviy, yozma va raqamli dalillarni koʻzdan kechirishga oid maʼlumotlar;
12) sud muzokaralarining mazmuni va prokurorning fikri;
13) sudning hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori oʻqib eshittirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Sud majlisi bayonnomasida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Sud majlisi audio- yoki videoyozuvga olingan taqdirda, sud majlisi bayonnomasiga sud majlisida yozib olish texnika vositalaridan foydalanilganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyiladi.
Sud majlisining bayonnomasi audio- va videoyozuv vositalaridan foydalangan holda toʻxtovsiz yozib boriladi.
Audio- va videoyozuv saqlanayotgan elektron yoki boshqa manbalar sud majlisi bayonnomasiga yoki alohida protsessual harakatlarni bajarish haqidagi bayonnomaga qoʻshib qoʻyiladi, unga tegishli yozuv kiritiladi.
