31312-modda. Immunitetga ega boʻlgan shaxslar
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi · Sana: 22.09.1994 · Amalda
Quyidagilar immunitetga ega boʻlgan shaxslar deb hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mansabdor shaxslari va ularning oila aʼzolari (turmush oʻrtogʻi, shu jumladan sobiq turmush oʻrtogʻi, farzandlari va ota-onasi);
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqaruv xodimlari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish va vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq holda qabul qilgan qarori, sodir etgan harakati yoki harakatsizligi, bildirgan fikri yoxud bergan koʻrsatmasi yuzasidan;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) Kengashlarining deputatlari — ovoz berish chogʻida fikr bildirganligi yoki nuqtai nazarini bayon etganligi uchun hamda oʻz vakolatlarini amalga oshirishi bilan bogʻliq boshqa harakatlari uchun, shu jumladan vakolatlari muddati tugaganidan keyin ham;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, harbiy sudlarning, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarining, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlarining va tumanlararo maʼmuriy sudlarning sudyalari, sobiq sudyalari (sudya sifatida ishlagan davri uchun) — odil sudlovni amalga oshirish borasidagi vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda qabul qilgan qarori yoxud bildirgan fikri yuzasidan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqaruv xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish va vakolatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq holda qabul qilgan qarori, sodir etgan harakati yoki harakatsizligi, bildirgan fikri yoxud bergan koʻrsatmalari uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.
Immunitet Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mansabdor shaxslariga va ularning oila aʼzolariga (turmush oʻrtogʻi, shu jumladan sobiq turmush oʻrtogʻiga, farzandlariga va ota-onasiga) nisbatan ular mazkur lavozimdan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasidan ishdan boʻshatilganidan keyin ham umrbod amal qiladi.
